Uzum Market 8-oktabrdan keyinigi texnik nosozlikdan soʻng oʻz faoliyatini tiklashni boshladi. «Ombor buyurtmalarni allaqachon yigʻmoqda va yaqin vaqt ichida 7, 8 va 9-oktabrdagi yuk xatlari boʻyicha tovarlarni qabul qilishni boshlaydi», deyiladi kompaniya xabarida. Xaridorlar va sotuvchilarga kompensatsiya va chegirmalar vaʼda qilinyapti.
Uzum Market 8-oktabrdan keyinigi cheklangan kirish imkoniyatidan soʻng bosqichma-bosqich oʻz faoliyatini tiklashni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
«Ombor buyurtmalarni allaqachon yigʻmoqda va yaqin vaqt ichida 7, 8 va 9-oktabrdagi yuk xatlari boʻyicha tovarlarni qabul qilishni boshlaydi. Mamlakat boʻylab topshirish punktlari odatdagidek ishlamoqda: xaridorlar buyurtmani SMS`dagi raqamni yoki buyurtma kimning nomiga rasmiylashtirilgan boʻlsa, oʻsha shaxsning ismini aytib olishlari mumkin. Sotuvchilar esa bu xizmat mavjud boʻlgan punktlarda tovarlarni omborga yetkazish uchun topshirishlari mumkin. Buyurtmalarni topshirish punktlarida saqlash muddatlari uzaytirildi. Sayt, ilova va sotuvchilarning shaxsiy kabineti ishi tiklangani haqida qoʻshimcha xabar beramiz», deyiladi xabarda.
Kompaniya platforma ishiga taʼsir koʻrsatgan texnik uzilishni yuqori mavsum oldidan yangi infratuzilmani sinovdan oʻtkazish jarayoni bilan bogʻladi.
«Marketpleysning barcha foydalanuvchilari va hamkorlarining maʼlumotlari ishonchli himoyalangan: ular kiberxavfsizlik talablari hamda Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq saqlanadi va qayta ishlanadi», - deya taʼkidlanadi kompaniya izohida.
«Platforma barqarorligi hamkorlarimiz faoliyatiga bevosita taʼsir qilishini tushunamiz. Uzum Market franshiza asosida ishlayotgan topshirish punktlari egalariga olinmagan foydani qoplab beradi, sotuvchilar uchun esa logistika va tovarlarni saqlash oktabr oxirigacha bepul boʻladi. Nosozlik tufayli buyurtmalarini ololmagan foydalanuvchilarimiz Uzum Market`dagi keyingi xaridlari uchun promokodlar oladi. Xaridorlar va sotuvchilardan noqulayliklar uchun uzr soʻraymiz», deyiladi xabarda.



