Pro Ref Holandning goli hisobga olinishi VAR xatosi sabab boʻlganini tan oldi va «Manchester Yunayted»dan uzr soʻradi.

Foto: Reuters
Angliya: «MU» bir kishi koʻp boʻlib oʻynab yutqazdi
«Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» 0:1
Gol: Holand, 60 (0:1)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Dorgu, Dalot, Tilemans (Sheshko, 67), Maynu, Brunu Fernandesh, Reshford (Zirkze, 83), Mbemo, Kunya
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Geyi, Gvardiol, Mateush Nunesh, Anderson, Fernandes (OʼRayli, 82), Sherki (Ndiay, 46), Semenyo, Foden, Holand
Ogohlantirishlar: Maguayr, 81 – Gvardiol, 79. Fernandes, 80
Chetlatish: Foden, 23
Husanov qatorasiga ikkinchi oʻyinda zaxirada qoldi – Mareska oʻng qanot himoyasida Mateush Nuneshga ishonch bildirishda davom etmoqda. Kerrik esa chap qanotda jarohat olgan Shou oʻrniga Dorguni tushirdi.
Manchester derbisining birinchi boʻlimi xavfli vaziyatlarga boy boʻlmadi – eng yodda qolarli vaziyat darvozaga hujum bilan emas, raqiblarning bir-biriga hujumi bilan bogʻliq edi. Birinchi boʻlim oʻrtalarida oʻyindagi sokinlikni Bruno Fernandesh va Foden ishtirokidagi toʻqnashuv buzdi.
23-daqiqada Bruno yon chiziq oldida toʻpni Fodendan olib qoʻyishga urinib, uni tepib yiqitdi. U gazonda yotgan raqibning bel sohasiga ham oyogʻi bilan zarba berdi.

Foden esa bunga chiday olmasdan yotgan holda Brunoning qorniga zarba berdi, oʻyin bosh hakami Maykl Oliver portugaliyalik yarimhimoyachining harakatini eʼtiborsiz qoldirib, faqat angliyalik futbolchini jazoladi – toʻgʻridan toʻgʻri qizil.

Son jihatdan koʻpchilik boʻlib qolganidan keyin ham «MU» koʻp vaziyat yaratmadi, birinchi boʻlimdagi darvoza sohasiga borgan yagona toʻgʻri zarba 7-daqiqada Lisandro Martinesning toʻgʻri Donnarummaning qoʻliga borib tushgan zarbasi boʻldi. Shuningdek, boʻlim oxirida Reshfordning, ikkinchi boʻlim boshida esa Maynuning zarbalaridan keyin toʻp ustunga tegdi. Bu vaziyatlardan keyin «MU» son jihatdan ustunlikdan foydalanib, raqibni bosib tashlashi kutilgandi, ammo bunday boʻlmadi.
60-daqiqada yana bir mojaroli epizod roʻy berdi. Gvardiol qanotdan uzatma berdi, olis ustun yaqinida turgan Holand toʻpni bir teginishda darvoza toʻriga joyladi. Avvaliga maydondagi hakamlar norvegiyalik hujumchini ofsaydda deb topib, golni bekor qildi. Ammo vaziyatga VAR aralashib, Holand toʻgʻri holatda boʻlganini maʼlum qildi va gol inobatga olindi.
Bu gol oʻyin taqdirini hal qildi, mehmonlar ozchilik boʻlib oʻynaganiga qaramay, gʻalabali hisobni ushlab qolishdi. 90+5-daqiqada «MU» oʻyindagi eng yaxshi vaziyatiga ega boʻlgandi, Bruno Fernandesh Mbeumoni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo Donnarumma oʻz jamoasini qutqardi.
Oʻyindan keyin esa hakamlarning golni inobatga olish qarori muhokamalar markaziga chiqdi. Gap shundaki, golli hujumda ishtirok etgan Enso Fernandes passiv ofsayd holatida edi – u toʻp uchun oʻynagan va raqib himoyachisi Martinesni chalgʻitgandi.


Pro Ref (APLda hakamlik uchun javob beruvchi tashkilot) tan oldi: argentinalik futbolchi toʻpga yeta olmagan boʻlsa-da, u baribir vaziyatga taʼsir koʻrsatgan. Shuning uchun Holandning goli hisoblanmasligi kerak edi.
Tashkilot ushbu holatda jabrlanuvchi tomon boʻlgan «Manchester Yunayted»dan uzr soʻralganini maʼlum qilgan.
«Maydondagi hakam ofsayd qayd etdi. Bu epizod videohakam tomonidan tekshirildi va Holand toʻgʻri holatda ekani aniqlandi.
Xuddi shu hujum davomida Enso Fernandes toʻpga tegmagani aniqlandi. Shu sababli uning ofsayd holatida boʻlishi avtomatik ravishda qoidabuzarlik hisoblanmaydi va bunday vaziyatni baholash subyektiv xarakterga ega.
Biroq, ushbu holatda videohakam Fernandes holatining epizodga ehtimoliy taʼsirini toʻgʻri baholamagan – u hakamni takrorni koʻrish uchun monitor qarshisiga chaqirishi kerak edi.
Bugun kechqurun biz «Manchester Yunayted» bilan bogʻlandik va buni epizodni baholashda xato deb hisoblashimizni tan oldik. Vaziyat qoʻshimcha ravishda koʻrib chiqiladi», – deyiladi Pro Ref bayonotida.

Videoni ochish

Ispaniya: Yamal va Rafinya Messi grafigida ketmoqda

«Levante» – «Barselona» 2:4
Gollar: Espart, 5 (0:1). Yamal, 19 (0:2). Yamal, 48 - penalti (0:3). Romero, 79 (1:3). Bruge, 88 (2:3). Adeyemi, 90+3 (2:4)
«Levante»: Rayan, Mandi, de la Fuente (Peres, 71), Sanches (Ndukve, 71), Tolyan, Sotelo (Rey, 60), Olasagasti (Bardeli, 59), Bruge, V. Garsiya, Rekena, Ratkov (Romero, 60)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin (Kristensen, 46), Espart (Joau Kanselu, 80), E. Garsiya, Rodri, Pedri (Olmo, 66), Fermin Lopes, Gordon (Adeyemi, 67), Yamal (Bernal, 66), Rafinya
Ogohlantirishlar: Sotelo, 45 – Martin, 45
«Barselona»ning navbatdagi oʻyinida ham gollar shousi uyushtirildi. Kataloniyaliklarning bu mavsumdagi asosiy kashfiyoti boʻlgan 19 yoshli himoyachi Xavi Espart uzoq masofadan aniq zarba berib, la ligadagi gollari hisobini ochdi. Espart endi koʻk-anorranglilarning XXI asrda Ispaniya chempionatida gol urgan eng yosh himoyachisiga aylandi.
Koʻp oʻtmay Rafinya qarshi hujumda toʻp uchun oxirigacha kurashdi va darvozabonni ham aldab oʻtib, Yamalni deyarli boʻsh darvoza qarshisiga chiqardi – 2:0. Braziliyalik hujumchi bu mavsumda 5 turdagi golli harakatlari sonini 9 taga yetkazib (6+3), bu borada Messining natijasini takrorladi. Yamal ham Leoning grafigi boʻyicha ketmoqda. U tanaffusdan keyin oʻzi ishlagan penaltini aniq ijro etib, mavsum toʻpurarlari poygasida Rafinya, Mbappe va Kamelioga yetib oldi (6 tadan gol): Lamin bu orqali 2012/13 yillar mavsumida dastlabki besh turda uch marta dubl qayd etgan argentinalik afsonaning natijasini takrorladi.
Hisob yiriklashgach, koʻpchilik «Levante» ham «Barsa»ning oldingi raqiblari kabi yana ikkita gol oʻtkazishini kuta boshladi. Ammo valensiyaliklar taslim boʻlishmadi va oʻyin oxiriga borib, hisobni minimumgacha qisqartirishdi. Mehmonlar jamoasi muxlislari xavotirga tushib qolishgandi, ammo qoʻshimcha daqiqalarda Adeyemi oʻyinga nuqta qoʻydi – 2:4. Hansi Flik shogirdlari yuz foizlik natija bilan birinchi oʻrinda borishda davom etmoqda.

Videoni ochish
«Real Sosedad» – «Atletiko» 0:3
Gollar: Grimaldo, 84 – penalti (0:1). Devid, 90 (0:2). Simeone, 90+5 (0:3)
«Real Sosedad»: Remiro, Sarr, Beytiya, Gomes, Aramburu, Soler (Gorrotchategi, 78), Errera (Zaxaryan, 85), Suchich, Gonsalu Gedesh (Kubo, 72), Barrenechea (Oching, 72), Oyyarsabal (Oskarsson, 79)
«Atletiko»: Oblak, Romero, Gansko, Pubil, Liorente (Koke, 60), Yulmand, Grimaldo, Simeone, Li Kan In (Devid, 60), Baena (Kardozo, 59), Lukman (Ortis, 76)
Ogohlantirishlar: Errera, 18. Oyyarsabal, 78 – Kardozo, 75
Ruhiy muammolardan xalos boʻlgan va YeChLda «Liverpul»ga qarshi yaxshi oʻyin namoyish etgan Hulian Alvares «Atletiko» bilan San-Sebastyanga safar qilmadi. Ammo bu murabbiyning qarori emasdi – futbolchi kichik jarohat olgani maʼlum boʻlgan.
Sof hujumchisiz oʻynashiga toʻgʻri kelgan Diyego Simeone jamoasi «Anoete»dagi oʻyinda ancha vaqtgacha gol ura olmadi. Oʻyin taqdirini 84-daqiqada mezbonlar himoyachisi jarima maydoni ichida toʻpni qoʻl bilan oʻynashi hal qildi. Belgilangan penaltini Grimaldo aniq ijro etdi. Qoʻshimcha daqiqalarda u Devidga golli uzatma ham berdi, keyin esa qarshi hujumda himoyachilardan qochib ketgan Juliano Simeone oʻyinga soʻnggi nuqtani qoʻydi.

Videoni ochish




