Namangan viloyati va Italiyaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri - Emiliya-Romanya oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Hududlar sanoat, investitsiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalarida hamkorlik qilishi mumkin.

Foto: Dunyo
Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Emiliya-Romanya viloyati prezidenti Mikele de Paskale bilan uchrashdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Muzokaralarda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida hududlararo hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi. Shu doirada Emiliya-Romanya va Namangan viloyati oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar ikki hududning yuqori sanoat va ishlab chiqarish salohiyati hamkorlik uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. Xususan, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, Emiliya-Romanya kompaniyalarini Oʻzbekistonda istiqbolli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish, ikki hudud oʻrtasida texnologik va innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralarda sunʼiy intellekt va yuqori unumdorlikka ega hisoblash texnologiyalari sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Emiliya-Romanyada mavjud infratuzilmadan foydalangan holda Oʻzbekiston bilan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, Emiliya-Romanya Italiyaning iqtisodiy va sanoat jihatdan eng taraqqiy etgan hududlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda uning yalpi hududiy mahsuloti qariyb 203 mlrd yevroni tashkil etgan. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAHM boʻyicha hudud Italiyada ikkinchi oʻrinda turadi.
Emiliya-Romanya mashinasozlik, avtomobilsozlik, agrooziq-ovqat sanoati, qadoqlash texnologiyalari va farmatsevtika sohalarida yuqori salohiyatga ega. Ferrari, Lamborghini, Ducati, Max Mara, Technogym, Pagani, Dallara va Barilla kabi jahonga mashhur kompaniyalar ham ushbu hududda faoliyat yuritadi.



