Navoiy
Nurota davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga Qizilqum arxarlari tushdi
Navoiy

Nurota davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga Qizilqum arxarlari tushdi

Qizilqum arxari zaif va soni qisqarib borayotgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati hamda CITES’ning II ilovasiga kiritilgan.

Nurota davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga Qizilqum arxarlari tushdi

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Navoiy viloyatidagi Nurota davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqon Qizilqum arxarlarini qayd etdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 60–70-yillarida Qizilqum arxarining Nurota tizma tog‘laridagi populyatsiyasi 60–70 boshni tashkil etgan. 1975-yilda Nurota davlat qo‘riqxonasi tashkil etilib, arxarlar muhofazaga olinganidan so‘ng ularning yo‘qolib borayotgan populyatsiyasini saqlab qolishga erishilgan.

2026-09-29 22.52.06

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Keyingi 10 yil davomida arxarlar soni barqarorlashgan. Ekologiya qo‘mitasi tomonidan olib borilayotgan muhofaza tadbirlari natijasida ularning soni yana ko‘payib bormoqda. 2026-yil bahorgi sanoqda Nurota tizmasida 2 130 bosh Qizilqum arxari qayd etilgan.

Qizilqum arxari zaif va soni qisqarib borayotgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati hamda CITES’ning II ilovasiga kiritilgan.

Ushbu kenja tur Nurota va Oqtog‘ tizmalarida, Tomditog‘ qoldiq tog‘larida, Turkiston tizmasida hamda ehtimol Molguzar tizmasida saqlanib qolgan. Arxarlar tog‘larning o‘rta va yuqori qismlarida — dengiz sathidan 500–2000 metr balandlikda yashaydi.

2026-09-29 22.52.08

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

2024-yil fevralida Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Hisor” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan foto-videoqopqonlar orqali qor qoplonlarining katta to‘dasi tasvirga olingani haqida xabar berilgandi.

Qo‘riqxona xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, qor qoplonlari soni ko‘paygan. Ilgari ular ikkitadan ortmagan bo‘lsa, hozir qor qoplonlarining soni 3-4 taga yetadi.