Navoiy
Oʻzbekiston Xitoy bilan 11,3 mlrd dollarlik savdo qildi
Navoiy

Oʻzbekiston Xitoy bilan 11,3 mlrd dollarlik savdo qildi

2026-yilning yanvar–iyul oylarida Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkori boʻldi. Yetti oyda ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 11,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Keyingi oʻrinlarni Rossiya va Qozogʻiston egalladi.

Milliy statistika qoʻmitasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida Oʻzbekiston jahonning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan.

Mazkur davrda Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu mamlakat bilan savdo aylanmasi 11,3 mlrd AQSH dollariga yetgan.

Ikkinchi oʻrinni 8,1 mlrd dollarlik koʻrsatkich bilan Rossiya Federatsiyasi egallagan. Qozogʻiston esa 3,3 mlrd dollarlik tashqi savdo aylanmasi bilan uchinchi oʻrinda qayd etilgan.

Keyingi oʻrinlarda Turkiya - 1,6 mlrd dollar, Afgʻoniston - 1,2 mlrd dollar, Fransiya va Koreya Respublikasi - 1,1 mlrd dollardan koʻrsatkich bilan joylashgan.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Birlashgan Arab Amirliklari bilan tashqi savdo aylanmasi 928,7 mln dollarni, Turkmaniston bilan 779,4 mln dollarni tashkil etgan.

Top-10 roʻyxatini Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi hisoblangan Hongkong yakunlagan. Oʻzbekiston va Hongkong oʻrtasidagi savdo aylanmasi yetti oyda 776,8 mln dollarga yetgan.

Shu tariqa, 2026-yil yanvar–iyul oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi eng yirik oʻnta hamkori Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Afgʻoniston, Fransiya, Koreya Respublikasi, BAA, Turkmaniston va Hongkong boʻlgan.