OpenAI sunʼiy intellekt yordamida Navye-Stoks tenglamalariga oid «mingyillik masalasi»ni yechganini eʼlon qildi, ammo natija ortidan mualliflik boʻyicha mojaro kelib chiqdi. Nyu-York universiteti professori Tristan Bakmaster kompaniyani hali eʼlon qilinmagan tadqiqot gʻoyalaridan foydalanganlikda ayblamoqda.

Foto: Vitaly Gariev/pexels.com
OpenAI mashhur yettita «mingyillik masalasi»dan biri boʻlgan Navye-Stoks tenglamalari yechimi va silliqligi mavjudligi masalasi boʻyicha isbotini taqdim etdi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, uning yangi ichki sunʼiy intellekt tizimi maʼlum sharoitlarda suyuqlik oqimi cheklangan vaqt ichida singulyarlikka, yaʼni tezlik cheksiz oʻsa boshlaydigan holatga yetishi mumkinligini koʻrsatgan.
Navye-Stoks tenglamalari suyuqlik va gazlar harakatini ifodalaydi. Ulardan, masalan, samolyotlarni loyihalashda, ob-havoni bashorat qilishda va qon oqimini oʻrganishda foydalaniladi. Asosiy yechilmagan savol shunday edi: bu tenglamalarning silliq uch oʻlchamli yechimlari maʼlum bir nuqtada silliqligini yoʻqotib, «buzilishi» mumkinmi? Kley instituti ushbu muammo yechimi uchun bir million dollar mukofot vaʼda qilgan edi.
OpenAI oʻz tizimi bunday ssenariyning matematik isbotini yaratganini taʼkidlamoqda. Keyin u rasmiy shaklga keltirilib, matematik isbotlarni avtomatik tekshirish imkonini beradigan maxsus vosita - Lean tizimi yordamida tekshirilgan. Taklif etilgan yechimda uyurma bir vaqtning oʻzida ham aylanadi, ham choʻziladi, shu sababli suyuqlikning umumiy energiyasi cheklanganligicha qolsa-da, uning tezligi cheksiz ortadi. Kompaniya isbot matni va uning rasmiy talqinini eʼlon qildi, biroq pul mukofotiga daʼvogar emasligini bildirdi.

OpenAI
OpenAI yechimidagi uyurma: trayektoriyalar suyuqlikning qanday qilib ichkariga aylanib, bir vaqtning oʻzida choʻzilishini koʻrsatadi. Toʻq sariq rangda tezroq, feruza rangda esa sekinroq aylanadigan hududlar belgilangan.
OpenAI
OpenAI yechimidagi uyurma: trayektoriyalar suyuqlikning qanday qilib ichkariga aylanib, bir vaqtning oʻzida choʻzilishini koʻrsatadi. Toʻq sariq rangda tezroq, feruza rangda esa sekinroq aylanadigan hududlar belgilangan.
Qayd qilinishicha, Navye-Stoks masalasi ustida bir vaqtning oʻzida 10 mingga yaqin sunʼiy intellekt agenti ishlagan. Ular taxminan 88 soatda natijaga erishdi, uning rasmiy tekshiruvi esa yana 17 soat vaqtni oldi. Tajribalar davomida agentlar 4,9 millionta xabar yuborib, 300 milliardga yaqin token sarfladi.
Biroq Nyu-York universiteti matematika professori Tristan Bakmaster OpenAI kompaniyasini oʻzganing gʻoyasini oʻzlashtirib olganlikda aybladi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya Bakmaster va Anthropic vakili, matematik Levent Alpogening hali eʼlon qilinmagan tadqiqoti haqida maʼlumot olgach, muammo ustida keng koʻlamli ish boshlagan. Bakmasterning taʼkidlashicha, bu yoʻnalish bilan juda kam sonli mutaxassislar shugʻullangan, shu sababli yondashuvlarning mos kelishi unga shubhali tuyulmoqda.
Bakmaster yechim izlashda OpenAI kompaniyasining Codex instrumentidan foydalangan va bu nazariy jihatdan OpenAI modellariga taʼsir etgan boʻlishi mumkinligini ham taxmin qildi. Kompaniya buni inkor etmoqda: tadqiqotchilar va sunʼiy intellekt agentlari Bakmaster va Alpogening materiallari eʼlon qilinishidan avval ulardan foydalanish imkoniga ega boʻlmagan. Shu bilan birga, OpenAI oʻz mahsulotlaridan foydalanish chogʻida olingan anonim maʼlumotlarning modellarni oʻqitishga taʼsirini toʻliq istisno etmasligini tan oladi. Biroq kompaniya uning isboti ikki matematikning ishidan sezilarli darajada farq qilishini alohida taʼkidlaydi.
Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar atrofida alohida mojaro kelib chiqdi. Bakmasterning aytishicha, OpenAI xodimi Sebastyan Byubek murosaga kelishish maqsadida Alpogeni mualliflar qatorida koʻrsatmaslikni taklif qilgan. Bakmasterning soʻzlariga koʻra, rad javobidan soʻng Byubek tadqiqotchidan: «Nega oʻz karyerangni barbod qilmoqchisan?» - deb soʻragan.
OpenAI bu ayblovlarga izoh bermadi, ammo oʻz ishini yakunlagach, matematiklar bilan bogʻlanib, natijalarni birgalikda eʼlon qilish imkoniyatini muhokama qilganini tan oldi.



