u vaqtda sohilda konsert boʻlayotgandi.

Sochi sohilidagi portlash. Videodan kadr
9-sentabr kuni kechqurun Sochining sohil hududiga Ukraina dengiz dronlari hujum qildi (RF mudofaa vazirligi ularni «ekipajsiz katerlar» deb atagan). Natijada 28 kishi, jumladan, ikki bola jarohat olgan, deb xabar berdi Krasnodar oʻlkasi operativ shtabi. Yaralanganlarning barchasiga tibbiy yordam koʻrsatilgan, katta yoshli uch kishi va bir bola shifoxonada qolmoqda.
Hujum haqida mahalliy vaqt bilan soat 9 lar atrofida xabar tarqaldi. Bu vaqtda sohilda joylashgan «Festivalniy» madaniyat saroyida qoʻshiqchi Tatyana Bulanovaning konserti oʻtkazilayotgandi. Konsert toʻxtatilib, tomoshabinlar evakuatsiya qilingan.

Sochi sohilidagi dengiz dronlari hujumi vaqtidagi portlash. 2026-yil 9-sentabr
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan skrinshot / Reuters / Scanpix / LETA
«Turmush oʻrtogʻim konsertda edi. Evakuatsiya eʼlon qilinganida odamlar yiqilib, vahimaga tushib qocha boshlagan. Atrofda portlash ovozlari eshitilardi. U mashinaga chopayotib, yiqilgan. Uni zarba toʻlqini yiqitgan. Har bir portlashdan keyin portlash toʻlqini sezilgan. Portlashlar juda yaqinda roʻy bergan», – deydi boʻlib oʻtgan hodisa haqida mahalliy aholi vakillaridan biri.
93.ru nashri xabar berishicha, hujum haqidagi ogohlantirishdan keyin ham sohilda odamlar koʻp edi. Dam oluvchilar dastlab bunga reaksiya qilishmagan va faqat portlashdan keyingina har tomonga qocha boshlagan.
«Portlashlar juda yaqinda roʻy berayotganidagina hamma yugura boshladi. Avvaliga barcha qarab turdi, chunki Sochi uchun bu odatiy holat. Ammo bizdan 300 metr narida portlash boʻldi – va shundagina barcha qocha boshladi. Aql bovar qilmas xaos yuzaga keldi. Barcha baqirar, bolalar yigʻlardi. Barcha chopib borar, atrofda portlashlar boʻlardi. Qayoqqa ketayotganimizni bilmasdan yugurardik, chunki hech qayerda bombapanagoh yoʻq edi. Amallab yerosti oʻtish joyigacha yetib bordik», – deya hikoya qiladi guvohlardan biri.

Hujumdan keyin sohilda yongʻin boshlangan, ammo mahalliy rasmiylar shikastlanish jiddiy emas, deb baholagan. «Oynalar va fasad elementlarini tiklash zarur. Ishonchim komilki, biz buni tezda uddalaymiz», – deb yozdi shahar meri Andrey Proshunin telegram-kanalida. Shuningdek, u hujum oqibatlari toʻliq bartaraf etilgunga qadar plyajlar tashrif buyuruvchilar uchun yopiq qolishini bildirdi. «Sochining qolgan qismida vaziyat barqaror», – deya qoʻshimcha qildi Proshunin.
Hujumdan keyin Tergov qoʻmitasi terakt boʻyicha (JK 205-moddasi) jinoiy ish ochgan. Idora Ukraina kurort zonasiga «qasddan» hujum qilganini qayd etgan.




