Jahon
Avgust oyida global harorat tarixiy rekord oʻrnatdi
Jahon

Avgust oyida global harorat tarixiy rekord oʻrnatdi

2026-yil avgusti meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy sifatida qayd etildi. Dunyo boʻyicha oʻrtacha harorat 16,96 daraja Selsiyni tashkil etib, 2023-yilda oʻrnatilgan avvalgi rekorddan ham yuqori boʻldi.

Yevropaning Copernicus iqlim oʻzgarishini monitoring qilish xizmati (C3S) maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil avgustida Yer yuzi boʻyicha oʻrtacha harorat 16,96 daraja Selsiyga yetgan.

Bu koʻrsatkich 2023-yil avgustida qayd etilgan avvalgi eng yuqori natijadan ham oshgan. Shu tariqa, 2026-yil avgusti kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy boʻldi.

Reutersʼning yozishicha, global haroratning sanoatlashuvgacha boʻlgan davr darajasiga nisbatan isishi 2025-yil noyabridan beri birinchi marta 1,5 darajadan yuqori koʻtarilgan.

Copernicus mutaxassislari 2026-yil yozi Gʻarbiy Yevropada ham kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz boʻlganini qayd etdi. Shu bilan birga, dengiz suvi harorati ham misli koʻrilmagan darajada yuqori koʻrsatkichlarga yetgan.

2026-yil yozi birin-ketin kuzatilgan oʻta kuchli issiq toʻlqinlari bilan ajralib turdi. Ekstremal yuqori haroratlar ayrim hududlarda daryolar sathining pasayishi va oʻsimliklarning qurishiga olib keldi.

Rekord darajadagi issiqlik boshqa ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan suv toshqinlari va yirik oʻrmon yongʻinlari bilan ham kechdi.

Copernicus eksperti Samanta Byorjessning AFPʼga aytishicha, insoniyat kamida soʻnggi 100 ming yil ichida hozirgidek yuqori haroratlarga duch kelmagan boʻlishi mumkin.

U iqlim oʻzgarishi endi mavhum tushuncha emasligi, uning oqibatlari odamlarning kundalik hayotiga tobora koʻproq taʼsir qilayotganini taʼkidlagan. Yevropada kuchli issiq paytida yoʻl qoplamalarining erishi va shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarning ortishi shular jumlasidan.

Copernicus iqlim isishining asosiy sababi sifatida neft, koʻmir va gaz kabi qazilma yoqilgʻilarni yoqish natijasida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarini koʻrsatmoqda.

Avvalroq tashkilot 2026-yilning iyun va iyul oylarini ham Gʻarbiy Yevropa tarixidagi eng issiq oylar sifatida qayd etgan edi.