U Putin bilan Rossiya dizeli boʻyicha kelishuvga erishgan. Zelenskiy bu qarorni «urushga investitsiya» deb atagan.

Rossiya va AQSH rossiyaliklarning dizel yoqilgʻisini Amerika va jahon bozorlariga yetkazib berish boʻyicha kelishib oldi. Bu haqda 9-oktabr kuni kechqurun Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotdan soʻng Qoʻshma Shtatlar prezidenti Donald Tramp maʼlum qildi. Tramp muzokaralarni «juda muvaffaqiyatli» deb baholagan. Putin esa Rossiya Amerika va jahon bozorlariga neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi.
AQSH Moliya vazirligi esa Trampning koʻrsatmasi bilan Rossiya dizelini jahon bozorlariga yetkazib berishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik litsenziya taqdim etgan. Mazkur litsenziya 2027-yil 7-aprelga qadar «Rossiyadan olingan dizelni sotish, yetkazib berish, tushirish yoki import qilish, shu jumladan, Qoʻshma Shtatlarga import qilish bilan bogʻliq boʻlgan» operatsiyalarga ruxsat beradi. Avvalroq Vashington AQSH va Isroilning Eron bilan urushi oqibatida bozorda yuzaga kelgan inqiroz sabab Rossiya neftiga qoʻyilgan sanksiyalarni ham vaqtincha yumshatgandi.
Rossiya ham dizel eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashni boshlagan. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Aleksandr Novak maʼlum qildi. Rossiya nefti va neft mahsulotlarini dunyoning turli mamlakatlariga yetkazib berish sanksiyalar, shuningdek, ichki eksport taqiqlari bilan cheklangan. Masalan, ishlab chiqaruvchilar uchun dizel va kema yoqilgʻisi eksportini taqiqlash oktabr oyi oxirigacha amal qiladi. Bunday cheklov Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalari tufayli mamlakatda yuzaga kelgan yoqilgʻi inqirozi fonida joriy etilgandi.
Trampning soʻzlariga koʻra, tomonlar Amerika va jahon bozoriga zudlik bilan 300 ming tonnadan ortiq dizel yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishgan. Rossiya noyabr oyi davomida yana 500 ming tonna hamda undan soʻng darhol 1 mln tonna dizel yetkazib berishi kerak. Bundan tashqari, neftni qayta ishlash zavodlari taʼmirlangach, Rossiya dizel eksporti hajmini oyiga 3 mln tonnagacha oshirishi mumkin.
Ukraina Moskva va Vashingtonning dizel kelishuvini tanqid qildi. Volodimir Zelenskiy deeskalatsiya boʻyicha hech qanday kelishuvsiz Rossiyaga qarshi sanksiyalarning har qanday tarzda yumshatilishini «ochiq-oydin zaiflik» deb atadi. «Putinga qilinayotgan bunday tuhfalar na tinchlikka, na sivilizatsiyalashgan dunyo uchun biror naf keltirishga xizmat qiladi. Rossiya dizel uchun keyingi terror va pastkashliklari bilan „minnatdorlik bildiradi“. Rossiyaga neft mahsulotlarini sotishga ruxsat berish – yakunlanishi kerak boʻlgan urushni uzaytirishga, unga investitsiya kiritishga tengdir. Rossiya bilan bir tomonlama emas, balki oʻzaro teng shartlardagi real deeskalatsiya kerak», – deya qoʻshimcha qildi u.
Dizel kelishuvi urushni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar qayta tiklanishi fonida tuzildi. Ukraina delegatsiyasi 9–10-oktabr kunlari Mayamida amerikalik muzokarachilar – Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashuv oʻtkazgan. Reuters nashriga koʻra, muzokaralarga Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchilari, shuningdek, NATO va Yevroittifoq vakillari ham taklif etilgan. Axios amerikalik muzokarachilar Ukraina delegatsiyasiga «yangi gʻoya va takliflar»ni taqdim etib, soʻng ularni Rossiya bilan muhokama qilmoqchi boʻlganini xabar qildi. Biroq aynan qanday takliflar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan. Dizel kelishuvi haqidagi xabarlardan keyin muzokaralar muddatidan oldin yakunlangan. «Menimcha, jamoamizdan shunchaki koʻzboʻyamachilik sifatida foydalanishmoqda. Bu mutlaqo adolatdan emas va sheriklik ruhiga aslo toʻgʻri kelmaydi», – dedi Zelenskiy AQSH dizel kelishuvini eʼlon qilganidan soʻng jurnalistlarga.
Rossiya hukumati AQShdan «energetik sulh» muzokaralari doirasida sanksiyalarni bekor qilishni soʻragan, deya xabar berdi The Kyiv Independent manbalari dizel bitimi eʼlon qilinishi arafasida. Kiyevdagilar agar Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga zarba bermaslikka rozi boʻlsa, Ukraina ham Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarini toʻxtatishga tayyorligini bildirgan.
Kongressga oraliq saylovlar arafasida AQShda yoqilgʻi narxi oshgani tufayli bosim ostida boʻlgan Tramp bungacha bir necha bor Ukrainadan Rossiya neft obyektlariga zarba berishni toʻxtatishni talab qilgandi. U aynan shunday hujumlar global yoqilgʻi taqchilligi va narxlar oshishiga sabab boʻlayotganini taʼkidlagan.
Putin 2-oktabr kungi chiqishida Kiyev bilan «energetik sulh» gʻoyasini rad etgandi. Valday forumida soʻzlagan nutqida u agar Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bekor qilinmaydigan boʻlsa, zarbalarni toʻxtatishning oʻzi AQSH va butun dunyoda dizelning yuqori narxi muammosini hal qilmasligini qayd etgandi.



