Iqtisod
Elektromobil va gibrid mashinalar importi oshdi, benzinli avtomobillarniki esa qisqaryapti
Iqtisod

Elektromobil va gibrid mashinalar importi oshdi, benzinli avtomobillarniki esa qisqaryapti

Joriy yilning dastlabki 8 oyida Oʻzbekistonga umumiy qiymati 1,1 mlrd dollarlik 79 ming dona yengil avtomobil import qilindi. Bu davrda gibrid mashinalar olib kirish qariyb 5 barobarga – 2261 tadan 11130 tagacha koʻpaydi. Elektromobil importi ham 36 foizga oshdi. Benzinda yuradigan mashinalarga talab kamayib boryapti.

2026-yil yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonga umumiy qiymati 1,1 mlrd dollarlik 79 ming 46 ta yengil avtomobil import qilindi. Bu haqda Kun.uz oʻrgangan Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlarida keltirib oʻtilgan.

Hisobot davrida mamlakatda 246,9 mln dollar qiymatdagi 13 ming 70 ta benzinda yuradigan mashina olib kirilgan. Bu yil oldingiga nisbatan 481 donaga yoki 3,5 foizga kamroq. Ichki yonuv dvigatelli bitta avtomobilning oʻrtacha narxi 7,2 foizga pasayib, 20 ming 362 dollardan 18 ming 891 ming dollarga arzonlashgan.

Gibrid avtomobillar importi qariyb 5 baravarga - 2261 tadan 11130 tagacha koʻpaydi. Umumiy xarid qiymati ham 55 mln dollardan 240 mln dollargacha oshdi. Bunda bitta avtomobilning oʻrtacha narxi 11,4 foizga pasayib, 24 ming 354 dollardan 21 ming 563 ming dollarga tushgan.

Yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonga xorijdan 614 million dollarlik 54 ming 826 dona elektromobil olib kirildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 14 ming 519 donaga, qiymat jihatdan 142,1 mln dollarga koʻp. Bitta elektromobilning oʻrtacha narxi 9,5 foizga pasayib, 11 ming 718 dollardan 11 ming 207 dollarga arzonlashgan.

Oylar kesimida elektromobillar importi quyidagicha oʻzgargan:

Shuningdek, hisobot davrida 1,5 mln dollarlik 20 dona dizelli mashina import qilingan.

2026-yilning 8 oyida yengil avtomobillar kesimida umumiy importning 69,4 foizini elektromobillar, 16,5 foizini benzinli avtomobillar, 14,1 foizini esa gibridlar tashkil qilgan.

Nega elektromobillarga talab oshib boryapti?

Bunda eng asosiy sabab xarajatlar bilan bogʻliq. Anʼanaviy yoqilgʻi bozorida tizimli xatarlar va narx shoklari kuzatilyapti. Metan narxlarining oshib borayotgani va sovuq kunlarda yuzaga keladigan uzun navbatlar, propan va benzin narxlarining keskin oʻsishi fonida ayrim isteʼmolchilar elektromobil yoki gibrid mashina xarid qilishni afzal koʻryapti.

Shuningdek, elektromobil importi uchun bojxona boji va aksiz soligʻi 0 foiz etib belgilangan. Bu esa ularning tannarxini anʼanaviy ichki yonuv dvigatelli mashinalarga qaraganda ancha raqobatbardosh qiladi.