Navoiy viloyatida ekologik taʼlim, «yashil» iqtisodiyot va zamonaviy kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan «yashil» texnikum tashkil etiladi. Texnikumga 2026-2027 oʻquv yilidan talabalar qabul qilinib, oʻqish davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida yoʻlga qoʻyiladi. 2027-2028 oʻquv yilidan esa xalqaro taʼlim dasturlari joriy qilinishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-sentabrdagi 476-son qarori bilan Navoiy viloyati «yashil» texnikumi tashkil etilmoqda. Qaror 9-sentabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Yangi taʼlim muassasasi prezidentning «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid qarorini amalga oshirish, shuningdek, «yashil» iqtisodiyot uchun malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va pedagoglarni moddiy qoʻllab-quvvatlashda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti - Green Universityʼning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishga ruxsat berilgan.
Texnikumda nimalarga oʻqitiladi?
Texnikumning asosiy vazifalaridan biri mehnat bozori hamda «yashil» iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqib malakali oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash boʻladi.
Oʻquvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat koʻnikmalari shakllantiriladi. Oʻquv dasturlariga «yashil» koʻnikmalarga oid mavzular kiritiladi.
Shuningdek, «yashil» texnologiyalarni joriy qilgan korxona va tashkilotlar bilan dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Taʼlim jarayoniga soha, korxona va tashkilotlarning amaliyotchi mutaxassislari, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Nufuzli xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash ham nazarda tutilgan.
Oʻqish grant va kontrakt asosida boʻladi
Qarorga koʻra, texnikum Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi tizimidagi davlat muassasasi shaklidagi kasbiy taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
Texnikumga umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Oʻquv jarayoni boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladi.
Bundan tashqari, mehnat bozori ehtiyojlari, fuqarolar murojaatlari va ish beruvchilar takliflari asosida qisqa muddatli kurslar ham tashkil qilinadi. Ular kasbiy va qoʻshimcha kompetensiyalarni rivojlantirish, malaka berish hamda xorijiy tillarni oʻqitishga yoʻnaltiriladi.
Qabul 1-oktabrga qadar davom etadi
2026-2027 oʻquv yili uchun texnikumga abituriyentlarni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida qabul qilish muddati 2026-yil 1-oktabrga qadar uzaytirilgan.
Shuningdek, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab «yashil» iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
2027-2028 oʻquv yilidan esa Kasbiy taʼlim agentligi bilan birgalikda texnikumda xalqaro taʼlim dasturlari joriy qilinishi belgilangan.
Texnikum oʻquvchilariga yuqori malakali pedagoglarni jalb qilish ham rejalashtirilgan. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda har yili aprel–may oylarida «Kasb va yoshlar» ochiq muloqot oyligi oʻtkazilib, maktab bitiruvchilari texnikumdagi mavjud kasblarga yoʻnaltiriladi.
Texnikum Karmana tumanida joylashadi
Qarorga muvofiq, texnikum Navoiy viloyati Karmana tumani «Doʻrmon» MFY, Yangihayot koʻchasi, 1a-uydagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga bir oy muddatda texnikumda oʻqitiladigan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha hududdagi korxona va tashkilotlarni sanoat hamkori sifatida biriktirish vazifasi ham yuklatilgan. Ular buyurtmasi asosida dual taʼlim tashkil etilib, oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyoti hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining stajirovkasi yoʻlga qoʻyiladi.
Texnikum faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yilda Navoiy viloyati mahalliy byudjetiga ajratilgan mablagʻlar doirasida, 2027-yildan esa davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.



