Siyosat
Senat 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maʼqulladi
Siyosat

Senat 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maʼqulladi

Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Senat 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maʼqulladi

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Oliy Majlis Senatida 2-oktabr kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisda «Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

Qonun toʻgʻrisidagi maʼruza uchun soʻzga chiqqan senator Abdulhakim Eshmurodovning maʼlumotiga koʻra, JK 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) boʻyicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

119-modda 4-qismi (14 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) boʻyicha esa 2022-yilda 144 ta, 2023-yilda 163 ta, 2024-yilda 170 ta va 2025-yilda 116 ta jinoyat ishi qayd etilgan.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik boʻyicha murojaatlar soni 2023-yildagi 56 tadan 2025-yilda 141 taga oshgan.

«Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zoʻravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini taʼminlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda», – deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Senatorlar ushbu qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Endi hujjat kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak boʻladi.

25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish

Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlari oʻtib ketgani qoʻllanmaydi.

Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.

Bepul yuridik yordam va tergovni yozib olish

Jinsiy zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan eʼtiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam koʻrsatish tizimi joriy etilmoqda.

Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan voyaga yetmaganlarni soʻroq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni boʻlgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib boʻyicha oʻtkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida oʻtkazish belgilanmoqda.

Agar zoʻravonlik oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qoʻyilmoqda.

Taʼlim muassasalari xodimlari zoʻravonlik uchun ishdan boʻshatilishi mumkin

Mehnat kodeksiga kiritilayotgan qoʻshimchaga koʻra, taʼlim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar oʻz zimmasiga yuklatilgan taʼlim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgani munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos boʻladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qoʻyiladi.

Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zoʻravonlikka uchrashdan qoʻrqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning soʻroviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.

«Bu oilaviy nizolarning yanada avj olishi va qayta zoʻravonlik sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi», – dedi senator Abdulhakim Eshmurodov.