Tizimdagi xatolik tufayli yuzaga kelgan 159 mln so‘mlik to‘lov majburiyati bekor qilindi
Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi «O.B.P.» MChJ rahbari asossiz to‘lovlarni bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, jamiyatga tegishli bo‘lgan parrandachilik fabrikasi joylashgan yer maydoni aslida qishloq xo‘jaligi yerlari toifasiga kirishiga qaramay, «UZKAD» tizimiga kiritish jarayonida sanoat toifasida aks etib qolgan. Buning oqibatida esa yer solig‘i yuqori stavkada shakllanib, ortiqcha soliq hisoblanishiga olib kelgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan mazkur holat o‘rganilib, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash institutining ma’lumotlari hamda amaldagi qonunchilik talablari asosida tahlil qilindi.
Navoiy viloyati soliq boshqarmasi va viloyat kadastrlar palatasi bilan birgalikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mavjud kamchiliklar bartaraf etilib, tadbirkorga hisoblangan 159 mln so‘m miqdoridagi soliq to‘lovlari bekor qilindi va tadbirkorning huquqlari to‘liq tiklandi.



