Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navbahor tumanida bo‘lib, qurilish, ishlab chiqarish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar bilan tanishmoqda.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ayni damda Navbahor tumanida bo‘lib, qurilish, ishlab chiqarish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar bilan tanishmoqda.
Ilk tanishilgan loyiha “Qalqon ota” MFY hududida tashkil etilishi belgilangan mol bozori loyihasi taqdimoti bo‘ldi.
Loyihaning umumiy qiymati 0,5 mlrd. so‘m bo‘lib, 3 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, bu yerda 10 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat rahbari loyiha bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini berib, topshiriqlarni qat’iy belgilab berdi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning Navbahor tumanidagi navbatdagi manzili “Mirzo Ulug‘bek” MFY hududida tashkil etilayotgan “JINFENG SALAR INTERNATIONAL COMMERCE” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi bo‘ldi.
10 gektar yer maydonida joylashgan mazkur majmuada qizil g‘isht, bruschatka, temir beton va boshqa qurilish sohasida ishlatiladigan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Loyiha yiliga 50 mln dona qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Dastgohlar Xitoydan bosqichma-bosqich keltirilmoqda.
Zavod to‘liq ishga tushgach, 70 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘liq ichki bozorlardagi qurilish korxonalariga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.
Navoiy viloyatida ham ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish, zamonaviy ta’lim maskanlarini qurish bo‘yicha amaliy ishlar qilinib borilmoqda.
Viloyat rahbari Normat Tursunov ham hududlarga safari chog‘ida ta’lim maskanlariga borishni kanda qilmaydi.
Xususan, bugun ham Navbahor tumanidagi 9-umumta’lim maskanida bo‘lib, 96 o‘rinli qo‘shimcha binoning yakuniy qurilish ishlari bilan tanishdi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navbahor tumani "Mirzo Ulug‘bek" mahallasida tashkil etilayotgan mebelchilik markazi loyihasi bilan tanishdi.
Viloyat hokimi tadbirkor bilan suhbatda unga imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam kerakligini o‘rgandi hamda mas’ullarga mazkur murojaat bo‘yicha topshiriqlarni belgilab berdi. Tadbirkorga esa ishlab chiqariladigan mahsulotlar sifati, mijozlarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berildi, shuningdek, fabrika mahsulotlarini ichki bozor va eksportga yo‘naltirish masalalari to‘g‘risida fikr almashildi.
Normat Tursunov maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. DMTT binosi bugungi kunda ancha eski holatga kelib qolgan. Viloyat hokimi tomonidan DMTTni ta’mirlash masalalari yuzasidan qator tavsiya va topshiriqlar belgilandi.