Qishloq ayollari bandligi ta’minlanmoqda

Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirish, jamiyatimizning turli sohalarida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bunda tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ahamiyatlidir.
Karmana tumanidagi “Betlis Madaniyat textile” korxonasi 2020 yilda Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq tashkil etilgan. Korxonada yoshlar va ayollar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sexda 350 nafar mahalliy xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan, – deydi ish boshqaruvchi Dinora Ikromova. – Korxonamizdagi “Siruba” tikuv mashinkalari Turkiya davlatidan keltirilgan. Hozirda oyiga 200 ming donaga yaqin mahsulot tayyorlanadi. Ishchilarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, uzoq hududlardan keluvchilarga bepul avtobus yo‘lga qo‘yilib, tushlik tashkil etilgan. Ishchilarimizning bir qismi ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi xotin-qizlardir. Seximizni yanada kengaytirish, ishchilarimiz sonini oshirish choralarini ko‘ryapmiz.
Dastlab korxonada ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar “Ustoz-shogird” an’anasiga asosan kasbga o‘rgatiladi. Ayni paytda ularning aksariyatini mahoratli tikuvchilar, desak yanglishmaymiz.
Nurxon Qo‘ziyeva mazkur sexga ishga kirguniga qadar bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan. Uch farzandning onasi, 6 nafar nevaraning buvijonisi. Nafaqaga chiqqanidan keyin uyda bo‘sh o‘tirishni istamasdan mazkur trikotaj korxonasiga ishga kirdi. Dastlab ustozlardan qisqa muddatda tikuvchilik kasbining sir-asrorlarini o‘rgandi. Shunga ham 5 yilga yaqin vaqt o‘tibdi. Bugun esa Nurxon opa tajribali ishchilardan biri. O‘zi ham bir qator yosh qizlarga ustozlik qiladi.
Shu korxonada ishlayotganimdan xursandman, – deydi Nurxon opa. – Bu yerga ishga kirganimda tikuvchilikni yaxshi bilmasdim. Inson qunt qilsa, o‘rganishga qiziqsa, yoshning ahamiyati bo‘lmas ekan. Dastlab yoshim katta bo‘lsa ham ustozlardan tikuvchilikni o‘rgandim. Nafaqada bo‘lsam-da, odamlar orasidaman. Qizlar bilan kulishib, suhbatlashib, kiyimlar tikamiz. Barcha sharoitlar mavjud. O‘z vaqtida ish haqimizni olamiz. Tushlik ish xona hisobidan. Xarajat qilmaymiz. Oilamiz daromadiga hissa qo‘shayotganimdan xursandman.
Ayni vaqtda korxonada ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlariga talab ortib boryapti. Bu esa eksport salohiyatining oshishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda Nurxon opa kabi tikuvchilar tomonidan tikilayotgan trikotaj mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda.
