Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navbahor tumaniga tashrif buyurdi.

Navbahor tumani mahallalardagi har bir guzar, ko‘cha, xonadon aytish mumkinki, yangilanib, zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda. Odamlar turmushi farovonlashayotganini o‘z hayoti, qishlog‘idagi o‘zgarish va yangilanishlar misolida yaqqol his etmoqda. Shu bilan bir qatorda, tumanning katta yo‘l yoqalari obodonlashtirilish, ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida tozalanib, ariq-zovurlar ravon holatga keltirilyapti.
Xususan, Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi M-37 xalqaro avtomagistral yo‘li yoqasida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan xizmat ko‘rsatish loyihalari hamisha viloyat rahbari Normat Tursunovning e'tibor markazida. Yo‘l yoqalari va bo‘sh joylarda “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish, xizmat ko‘rsatish obyektlarini tartibga solish bo‘yicha ishlar esa avjida.
Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimiz mahallalarida yuz berayotgan o‘zgarishlar odamlarning hayotga intilishini oshirib, ularning qalbini quvonch nurlari bilan yoritmoqda.
Zero, “Obod mahalla” mezonini joriy etishda hududlarning infratuzilma inshootlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari qurilishiga alohida e’tibor berilayotgani ahamiyatlidir.
Navbahor tumanidagi “Navkar” mahallasidagi Islom taraqqiyoti banki hisobidan MFY binosi qurilish ishlari ham avj pallada.
Navbahor tumani "Qorajon" mahallasida joylashgan "Navbahor tomorqa xizmati klasteri" MCHJ tomonidan tashkil etilgan parrandachilik kompleksi "Qizilqum baraka parranda" korxonasi aynan ana shunday innovatsion majmua hisoblanadi.
Mazkur korxonada bugun 83 mingta tovuq boqiladi, kuniga xuddi shuncha tuxum mahsulotlari olinib, savdoga olib chiqiladi. Korxona to‘liq quvvatga chiqishi natijasida 120 kishining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Navbahor tumanida xizmat ko‘rsatish va turizm, kichik biznes sohalari izchillik bilan rivojlanmoqda. Ishga tushayotgan yangi korxonalar, ishlab chiqarish obyektlari, eng muhimi, tuman aholisini rozi qilish yo‘lidagi ishlar namuna qilib ko‘rsatishga arzigulik.
Tumandagi “Qorajon” kichik sanoat zonasida “Granite stone industry” MCHJ tomonidan granitni qayta ishlash zavodi ham viloyatimiz iqtisodiyotiga hamda aholini ish bilan band etishda munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
“Beshrabot” mahallasida foydalanishga topshirilgan “Nuroniylar maskani” keksa avlod vakillariga davlatimiz e’tiborining amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mazkur go‘shada mehnat faxriylarining madaniy hordiq olishi uchun dam olish xonasi, kutubxona va tibbiyot xonalari, sport-sog‘lomlashtirish zali, shaxmat-shashka klublari tashkil etilgan.
“Nuroniylar maskani”ning ochilish marosimida viloyat hokimi Normat Tursunov, keng jamoatchilik vakillari, mahalla ahli ishtirok etib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Navbahor tumani "Mehnat" mahallasida aholi murojaatlarini tinglash va yaqindan ko‘maklashish maqsadida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning sayyor qabuli o‘tkazildi.
Sayyor qabulda aholining turli soha va yo‘nalishdagi 20 turdan ortiq muammo va takliflari tinglandi.
Jarayonda murojaatlarning salmoqli qismi ijobiy bartaraf etilgan bo‘lsa, bir qator murojaatlarga huquqiy tushunchalar berilib, muddat talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Navbahor tumani "Mehnat" mahallasidagi 30-maktab, uning atrofidagi hudud bugun o‘zgartirishlarga ehtiyojmand. Bu yerda aholi uchun sport maydonchasi, dam olish maskani tashkil etish rejalari tuzilmoqda.
Viloyat hokimi Normat Tursunov mutasaddilar bilan bu haqda maslahatlashib, fikr almashdi. Natijada kerakli vorkaut maydonchasi, futbol stadioni qurilib, jihozlanishiga qaror qilindi.
