O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari N.Umarova Karmana tumanida joylashgan "NAVOIY" erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari N.Umarova Karmana tumanida joylashgan "NAVOIY" erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
"NAVOIY" erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi AJ tomonidan O‘zbekistonda ilk bor havodan suv olish texnologiyasi ishga tushirilgani bilan tanishdi. Bu texnologiya suv resurslari cheklangan hududlar uchun yangi va innovatsion yechim hisoblanadi. Loyiha mamlakat suv muammolarini hal etishda katta ahamiyatga ega va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, uning konsepsiyasi Karmana tumanidagi XI-XII asrlarda qurilgan "Sardoba" madaniy meros obyektidan ilhomlanib yaratilgan. Loyiha nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, hududning suv ta'minotiga barqarorlik kiritishga xizmat qilishi kutilmoqda.
N.Umarova, shuningdek, Navoiy viloyati Navbahor tumanida joylashgan yirik tekstil korxonalari—“Mengi Textile Group” MChJ va “Qorajon Textile” MChJlarida bo‘ldi. Palata raisi o‘rinbosari korxonalar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat darajasi, ishlab chiqarish jarayonlari hamda eksport hajmi va bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdi.
“Mengi Textile Group” va “Qorajon Textile” MCHJlari viloyatdagi yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalardan hisoblanadi. Tanishish davomida korxonalar rahbarlari tomonidan ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, sifat nazorati tizimi va mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini, eksport hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlari, ishchilarning mehnat sharoitlari hamda malaka oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. "Mengi textile Group" korxonasi o'z mahsulotlarini asosan ichki bozorga yetkazib beradi va hozirgi kunda korxonada 200 ta bo'sh ish o'rni mavjud. "Qorajon textile" korxonasi esa asosan bolalar kiyimlarini ichki bozor uchun ishlab chiqaradi hamda Polsha, Rossiya, Parij davlatlariga mahsulotlarini eksport qiladi. Hozirgi kunda korxonada 100 ta bo'sh ish o'rni mavjud.
Keyingi manzil Navoiy shahrida joylashgan ikkita sanoat korxonalari — Universal filter va Tiancheng Stone zavodlari bo'ldi. Ushbu korxonalar Navoiy viloyatining iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan muhim ishlab chiqarish markazlari hisoblanadi.
Universal filter sanoat korxonasi keng assortimentda, turli model va o'lchamdagi avtofiltrlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada hozirgi kunda 250 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Korxona zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etib, keng ko‘lamli mahsulotlar tayyorlaydi. Shu bilan birga, bu yerda bir qancha bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, ayniqsa mutaxassis kadrlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ushbu ehtiyoj kelgusida zavodning ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifati yanada oshishiga zamin yaratadi.
Tiancheng Stone sanoat korxonasi marmar mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Tiancheng Stone o‘zining keng ko‘lamli ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan ajralib turadi va hozirda 500 ta bo'sh ish o'rni mavjud. Korxona yuqori sifatli marmar mahsulotlarini yaratib, ularni ichki va tashqi bozorlarga eksport qiladi. Zavoddagi texnologik jarayonlar zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu mahsulot sifati va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Har ikkala korxona ham viloyatning sanoat salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va texnologik rivojlanishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O'rganish davomida korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishilib, ularning kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
