Merey Omonboyevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyevaga
nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Omonboyeva firibgarlik jinoyatini sodir etishda gumonlanmoqda.
U Navoiy shahar hokimi orqali yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi
tadbirkordan katta miqdorda pul olgani aytilyapti.
"Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik)
va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib
borilmoqda", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Merey Omonboyeva 1997 yilda Navoiy viloyati, Nurota tumanida tug‘ilgan.
Oliy ma’lumotli. U 2020 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Omonboyeva 2024 yil 6 mart kuni Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati
boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Tayinlovga qadar
Navoiy shahri “Zarafshon” MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlagan.
2021 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning
Navoiy viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan tadbirda
Merey Omonboyeva so‘zga chiqib, Prezidentning viloyatga
kelganidan “dux” olganini aytgandi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil hadya qilingan.
