Maktab ostonasiga ilk qadam

Bugun 4 sentyabr erta tongdan yurtimiz bo‘ylab, maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. Umumta’lim maktablari
ostonasiga ilk qadamlarini tashlagan beg‘ubor qalb egalari ko‘zlarida ilmga chanqoqlikni ko‘rish mumkin.
Xususan, Navoiy shahridagi 1 Davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga ushbu yilda 313 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilindi.
Bilimlar kuni munosabati bilan tadbirga tashrif byurganlar bolajonlarga yaxshi bilim olib, yuqori marralarni maqsad qilishlarini alohida ta’kidlashdi.
Shuningdek, ma’lumot o‘rnida joriy yilda Navoiy viloyatidagi 378 ta maktabning 1-sinfiga 19 ming 600 nafarga yaqin bola qabul qilindi.
Viloyat bo‘yicha turli davlat dasturlari doirasida 2023 yil va 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida
32 ta umumta’lim maktablarida, jumladan, 5 tasida yangi qurilish, 26 tasida rekonstruksiya va 1 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Buning natijasida 7858 ta o‘quvchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 1776 ta mavjud o‘quv o‘rinlari mukammal ta’mirlandi.
Mazkur ishlarga respublika va mahalliy budjetdan 229 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bundan tashqari 5,8 milliard so‘m “Tashabbusli budjet” va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 85 ta maktabga 387 dona elektron doskalar olib berildi.
Viloyatdagi 1833 nafar chet tili fani o‘qituvchilarining 1578 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich 87 foizga yetkazildi.
Respublikamizda bitiruvchilari 100 foiz Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan jami 21 ta maktabning 8 tasi Navoiy viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
