NAVOIYDA LOYIHALAR VA MEHNAT YARMARKASI TASHKIL ETILDI

Bugun Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Navoiy viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Navoiy shahri hokimligi hamda prokuraturasi tashabbusi bilan loyihalar va mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Mazkur yarmarkada 30 ta korxona va tashkilotlar, shuningdek, tijorat banklari o‘zlaridagi mavjud ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Yarmarkada Navoiy shahar IIB Probatsiya guruhi hisobida turgan shaxslar ham ishtirok etib, ularning bandligi ta'minlandi. Yarmarka davomida ishtirokchilar aholi uchun ishga joylashish, biznes loyihalarni amalga oshirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Navoiy shahri hokimi Dilmurod Ergashev va viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Lutfulla Xayrullayevlar so‘zga chiqib, mazkur yarmarkaning ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Ular tadbirning ish bilan bandlikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilashda muhim platforma ekanini ta’kidlashdi.
