Navoiy viloyatida Seminar amali qismi Navbahor tumanida.

Navoiy viloyatida oʼtayotgan "Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari" mavzusidagi koʼrgazmali seminarning amaliy qismi Navbahor tumani "Paxtakor" mahallasida joylashgan “Аgro Sentr” MChJ tomonidan tashkil etilgan issiqxonalarda davom etdi.
Oʼzbekiston mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboev va Respublika ishchi guruhi vakillari Navbahor tumani "Beshrabot" mahallasi hududida tadbirkor Doston Xoʼjamov tomonidan tashkil qilingan "Shox Bilolbek" oilaviy korxonasida boʼldi.
Sartaroshlik bilan shugʼullanuvchi tadbirkor 200 mln. soʼm imtiyozli kredit olgan holda yengil konstruktsiyali inshootda ish boshlab, bugungi kunda 6 ta ish oʼrni yaratgan. Dostonbek shu yoʼnalishda shogirdlar tayyorlab, yoshlarni hunarga oʼrgatish boʼyicha ham ishlarni amalga oshirmoqda. Qahramon Quronboev tadbirkor bilan tanishib, oilaviy korxona faoliyatini, mavjud muammo va takliflarini oʼrgandi.
Qahramon Quronboev rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari Navbahor tumani "Yangi yoʼl" mahallasida ham boʼldi.
Jarayonda mahalla yettiligi aʼzolari bilan suhbatlashib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsiz aholini ish bilan band qilish va aholi tomorqalaridan daromad olishga oʼrgatish boʼyicha oʼz tavsiyalarini berdi. Mahalladagi aholi xonadonlarida boʼlib, tomorqa madaniyati va hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
